Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga xodimlarni ishga qabul qilish, ularning faoliyatini baholash, boshqa lavozimga oʼtkazish va lavozimdan ozod qilish tartibi toʼgʼrisida nizom
- Mazkur Nizom Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi (keyingi oʼrinlarda «Vazirlik» deb yuritiladi) markaziy apparati va tizimdagi Vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga xodimlarni ishga qabul qilish, ularning faoliyatini baholash, boshqa lavozimga oʼtkazish va lavozimdan ozod qilish tartibini belgilaydi.
Vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar tarkibi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi «Oliy va oʼrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora- tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-4391-son qarori hamda boshqa tegishli qonun hujjatlarda nazarda tutilgan.
- Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri (keyingi oʼrinlarda «Vazir» deb yuritiladi) hamda xodimlar oʼrtasidagi mehnat munosabatlari Oʼzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, mehnat shartnomasi, jamoa shartnomasi va boshqa mehnatga oid qonun hujjatlari asosida tartibga solinadi.
- Vazirlik markaziy apparati va tizimdagi nomenklaturaga kiruvchi vakant lavozimlarga tegishli yoʼnalishlar boʼyicha oliy maʼlumotli (zarur hollarda ilmiy daraja yoki unvonga ega) xodimlar ishga qabul qilinadi.
- Mazkur Nizom quyidagilar uchun tatbiq etilmaydi:
- a) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar;
- b) qonunchilikda ishga qabul qilishning alohida tartibi nazarda tutilgan lavozimlar;
- v) Vazirlik markaziy apparatining texnik va xizmat koʼrsatuvchi lavozimlar.
- Vazirlik markaziy apparatining vakant lavozimlari haqidagi eʼlonlar Vazirlik hamda O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tegishli rasmiy veb-saytlarida har oyning 5-sanasidan kechiktirmay berib boriladi.
- Vakant lavozim boʼyicha “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining klassifikatori” hamda belgilangan malaka talablariga javob beradigan nomzod (talabgor)lar Vazirlik Tashkiliy- kadrlar boshqarmasiga toʼgʼridan-toʼgʼri yoki elektron (elektron pochta manzili: kadr@edu.uz) tarzda murojaat qiladilar va oʼzlari haqidagi maʼlumotnoma-obʼektivka, oliy maʼlumot, ilmiy daraja va unvon haqidagi hujjat hamda boshqa zarur hujjatlar nusxalarini taqdim etadilar.
Shuningdek, nomzod (talabgor)lar Oʼzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy organlari orqali belgilangan tartibda yoʼllanma bilan murojaat qiladilar.
Murojaatlar Tashkiliy-kadrlar boshqarmasida belgilangan tartibda roʼyxatga olinadi. Yoʼllanma bilan yoki toʼgʼridan-toʼgʼri murojaat qilgan shaxslarga ishga qabul qilinishi mumkinligi yoki qabul qilmaslik asoslari haqida oʼrnatilgan tartibda maʼlumot beriladi.
- Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi tomonidan vakant lavozimlar uchun nomzodlar zaxira kadrlar, oliy taʼlim muassasalarining rahbar xodimlari, professor-oʼqituvchilari va ishchi-xodimlari yoki boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan malakali xodimlar tarkibidan shakllantirilishi mumkin.
- Har yili Vazirlik tizimidagi rahbar xodimlar lavozimlari uchun zaxira kadrlar tarkibi shakllantiriladi. Nomzodlar rahbarlar tomonidan suhbatlashish natijasi va erishgan yutuqlari inobatga olingan holda zaxira kadrlar roʼyxatiga kiritiladi.
Zaxira kadrlar tarkibidan shakllantirilgan roʼyxat asosida tegishli yoʼnalishlar boʼyicha Vazirlik huzuridagi Oliy taʼlim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi hamda Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar taʼlimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida maqsadli oʼqitish kurslari tashkil etiladi.
- Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim muassasasining rektori Vazir tavsiyasiga koʼra Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
- Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim muassasasining prorektorlari (filial direktori va uning oʼrinbosarlari) oliy taʼlim muassasasi rektorining tavsiyasiga koʼra Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
- Vazirlik tomonidan yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektor (filial direktori oʼrinbosari) lavozimiga nomzod O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor (filial direktori oʼrinbosari) lavozimiga nomzod esa Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi.
- Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim muassasalari huzuridagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari rahbarlari, akademik litseylar direktorlari Vazirlik bilan kelishilgan holda oliy taʼlim muassasasining rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
- Vazirlikning Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari (keyingi oʼrinlarda «Hududiy boshqarmalar» deb ataladi) boshliqlari, shuningdek, Vazirlikka idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar rahbarlari Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
- Vazirlik tizimidagi professional taʼlim muassasalari direktorlari Vazir tomonidan, professional taʼlim muassasalari direktorining oʼrinbosarlari Vazirlik bilan kelishilgan holda professional taʼlim muassasalari direktori tomonidan, shuningdek, akademik litsey direktori oʼrinbosarlari oliy taʼlim muassasasi rektori bilan kelishilgan holda akademik litsey direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
- Vazirlik tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga malaka talablariga muvofiq odatda kamida uch nafardan yangicha va mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, ilgʼor boshqaruv usullarini puxta oʼzlashtirgan, vatanparvar, halol, yuqori malaka va tajribaga ega boʼlgan munosib nomzodlar haqidagi hujjatlar Vazirlik rahbariyati nomiga tashkilot, muassasa rahbarining yoʼllanma xati orqali Tashkiliy-kadrlar boshqarmasiga taqdim etiladi.
- Vazirlik markaziy apparati va tizimdagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga xodimlar shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, shaffoflik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida saralash orqali ishga qabul qilinadilar.
- Vazirlik markaziy apparati va tizimdagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarni koʼrib chiqish, suhbat oʼtkazish va xulosalar berish boʼyicha rahbar xodimlardan iborat Vazirlik tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga kadrlarni tanlash boʼyicha komissiya (keyingi oʼrinlarda «Komissiya» deb ataladi) tashkil etiladi.
- Komissiya faoliyatini tashkil etish uning ish reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi. Komissiyaning ishchi organi Vazirlikning Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi hisoblanadi.
- Komissiya:
Vazirlik markaziy apparati va tizimida mavjud vakant lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarni belgilangan tartibda tekshirish, ularning hujjatlarini oʼrganish;
vakant lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlar bilan suhbatlar oʼtkazish, nomzodning tavsiya etilayotgan lavozimda ishlashga tayyorgarligi, bilimi va malakasi, kasbiy layoqati va qobiliyatini aniqlash;
nomzodlarni tegishli lavozimlarga tavsiya etish yoki etmaslik boʼyicha xulosalar qabul qilish, zarur hollarda nomzodlar haqida qoʼshimcha maʼlumotlar olish, ularning bilimi va malakasidan kelib chiqib, boshqa lavozimlarga tavsiya etish;
rahbar lavozimlar boʼyicha shakllantirilgan zaxira kadrlar tarkibini koʼrib chiqish, zarur hollarda takliflar tayyorlash.
- Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi tomonidan vakant lavozimlar uchun nomzodlar roʼyxati, maʼlumotnoma-obʼyektivkasi tayyorlanadi va Komissiyaga koʼrib chiqish uchun taqdim etiladi.
- Komissiya tomonidan nomzodlar bilan suhbat jarayoni savol-javoblar asosida shaffof, ochiqlik va oshkoralik prinsipi asosida (zarur hollarda masofaviy shaklda) oʼtkaziladi va bayon bilan rasmiylashtiriladi. Zarur hollarda suhbat jarayoni videotasmaga yozib olinishi yoki internet tarmogʼi orqali onlayn translyatsiya qilishi mumkin.
- Suhbat davomida nomzodlarning bilim, malaka va koʼnikmalari, fikrini bayon etishi, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, muammolarni bilish darajasi, taklif etilayotgan lavozim vazifalarini bajara olish qobiliyati kabi jihatlariga ahamiyat beriladi hamda suhbat natijalari mezonlar asosida baholanadi va tegishli xulosalar qabul qilinadi hamda tavsiya etiladi.
- Vazirlik markaziy apparatining xizmat koʼrsatuvchi va texnik xodimlar lavozimlarga ishga qabul qilinayotgan xodim bilan Ishlar boshqarmasi, Kasaba uyushmasi, Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi, Yuridik boʼlim vakillari suhbat oʼtkazadi, uning hujjatlarini koʼrib chiqadi va natijalari boʼyicha rahbariyatga taklif kiritiladi.
- Nomzodlarni koʼrib chiqishda va tavsiya etishda manfaatlar toʼqnashuvi vaqtida harakat qilish qoidalari (tartibi)ga qatʼiy amal qilinadi.
- Vazirlik markaziy apparati va tizimdagi nomenklaturaga kiruvchi vakant lavozimlarga nomzodlarni tavsiya etish haqidagi Komissiyaning xulosasiga (xizmat koʼrsatuvchi va texnik xodimlar lavozimlari uchun tegishli boʼlinmalar taklifiga) koʼra ularning yozma arizalariga binoan Vazir va xodim oʼrtasida tuziladigan mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilinadilar.
- Mehnat shartnomasi yozma ravishda ikki nusxada tuziladi va tomonlar oʼrtasida imzolanadi. Bir nusxasi xodimga taqdim etiladi hamda ikkinchi nusxasi esa Tashkiliy-kadrlar boshqarmasida (markaziy apparat xodimlarining mehnat shartnomalari ularning shaxsiy jildida) saqlanadi.
- Vazirlik markaziy apparatiga ishga qabul qilishda ishga kirayotgan shaxs O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 80-moddasiga muvofiq quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
pasport yoki uning oʼrnini bosadigan boshqa hujjatni;
mehnat daftarchasini, birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno. O’rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi oʼrniga asosiy ish joyidan olgan maʼlumotnomani;
harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
oliy yoki oʼrta maxsus, professional (kasb-hunar) taʼlim muassasasini tamomlaganligi toʼgʼrisidagi diplomni (talab etilgan taqdirda) yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki boshqa tegishli hujjatni (mavjud boʼlsa) taqdim etadi.
- Vazirlik tizimidagi tashkilotlar, hududiy boshqarmalar, oliy taʼlim muassasalari, professional taʼlim muassasalari rahbarlarini ishga qabul qilishda topshirilishi zarur boʼlgan hujjatlarini belgilangan tartibda oʼzlari faoliyat yuritadigan tashkilot va muassasaga taqdim etadilar hamda ularning hisobi ushbu tashkilot va muassasadagi kadrlar boʼlinmalari tomonidan yuritiladi va rasmiylashtiriladi. Shu jumladan, mehnat daftarchalari, shaxsiy yigʼma jildi va boshqa hujjatlari oʼzlari faoliyat yuritayotgan tashkilot va muassasada saqlanadi.
- Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonun hujjatlarida koʼrsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Аgar ishga kirayotgan shaxsning mazkur Nizomning 27-bandida nazarda tutilgan va boshqa hujjatlari haqiqiy boʼlmasa, uni ishga qabul qilish rad etilishi mumkin.
- Ishga qabul qilish haqida Vazirning buyrugʼi qabul qilinadi. Buyruq chiqarish uchun Vazir bilan xodim oʼrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asos boʼladi.
Vazirlik markaziy apparati xodimini Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi hamda tizimdagi boshqa rahbar xodimlarni esa tashkilot va muassasaning kadrlar xizmati buyruq bilan tanishtiradi.
31.Vazirlik markaziy apparatiga ishga qabul qilingan xodimga Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi hamda tizimdagi boshqa rahbar xodimlarga esa tashkilot va muassasaning kadrlar xizmati tomonidan Odob-axloq qoidalari, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqa faoliyatga doir hujjatlar tanishtiriladi.
- Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim muassasalari prorektorlariga va oliy taʼlim muassasasi huzuridagi texnikum direktorlariga oliy taʼlim muassasasi rektori, filial direktori oʼrinbosarlariga, filial direktori, kasb-hunar maktablari direktorlariga hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan mehnat taʼtillari ularning oliy taʼlim muassasasi va hududiy boshqarma rahbarlari nomiga bergan arizalariga koʼra rasmiylashtiriladi hamda hisobi yuritiladi.
- Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 84-moddasiga muvofiq mehnat shartnomasi dastlabki sinov sharti bilan tuzilishi mumkin. Dastlabki sinov muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emas. Mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan ayrim toifadagi shaxslarga (homilador, uch yoshga toʼlmagan bolasi bor ayollar, bitiruvchilar va h.k.) dastlabki sinov belgilanmaydi.
Dastlabki sinov muddati tugagunga qadar har bir taraf ikkinchi tarafni uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Bunday holda Vazir mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz boʼlgandagina bekor qilishi mumkin.
- Quyidagi shaxslar Vazirlik tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga ishga qabul qilinmaydi:
ishlab turgan xodim bilan yaqin qarindosh yoki quda-anda boʼlsa (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, farzandlar, er-xotinlar, shuningdek er- xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari), ulardan biri ikkinchisiga bevosita boʼysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qilishni taqozo qilsa;
ishga kirish uchun soxta hujjatlar yoki bila turib yolgʼon maʼlumotlar taqdim etgan boʼlsa;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlar.
- Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 97-moddasiga muvofiq mehnat shartnomasi quyidagi sabablarga koʼra bekor qilinishi mumkin:
- a) taraflarning kelishuviga koʼra;
- b) taraflardan birining tashabbusi bilan;
- v) muddatning tugashi bilan;
- g) taraflar ixtiyoriga bogʼliq boʼlmagan holatlarga koʼra;
- d) mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga koʼra.
- Rotatsiya xodimni boʼsh lavozimga oʼtkazish yoki boshqaruvni maqbullashtirish maqsadida xodimlarni boshqa lavozimlarga oʼtkazishda amalga oshiriladi.
- Rotatsiya xodimning salohiyatidan unumli foydalanish, korrupsiya holatlariga yoʼl qoʼymaslik hamda manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish, xodimning malakasi va boshqaruv tajribasini oshirish, xodimning ragʼbatini oshirish, boʼsh lavozimni toʼldirish maqsadida oʼtkazilishi mumkin.
- Komissiya tomonidan zarurat boʼlganda muayyan xodimlarni rotatsiya qilish lozimligi boʼyicha rahbariyatga taklif kiritiladi. Rahbariyat tomonidan takliflar koʼrib chiqilib, xodim oʼtkazilayotgan lavozimning malaka talablariga mos boʼlganida xodimning yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.
- Rotatsiya (doimiy boshqa ishga oʼtkazish) Vazirning buyrugʼi bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan oʼzgarishlar asos boʼladi.
- Xodimning roziligisiz mehnat shartlarini oʼzgartirishga faqat mehnatni tashkil etishdagi oʼzgarishlar, ishlar hajmining qisqarganligi, basharti bunday oʼzgarishlar xodimlar soni yoki ishlar xususiyatining oʼzgarishiga olib kelishi oldindan aniq boʼlgan hollardagina haqlidir.
- Xodimlarning ishdagi faoliyatiga baho beriladi va yutuqlar uchun xodimga nisbatan ragʼbatlantirish hamda yoʼl qoʼygan kamchiliklari uchun intizomiy choralar qoʼllanilishi mumkin.
- Xizmat vazifalarini toʼliq va oʼz vaqtida bajarib kelayotgan mustaqil boʼlinmalar rahbarlariga oylik ustamalar tegishli vazir oʼrinbosarlari, xodimlarga esa boʼlinmalar rahbarlari taqdimnomasiga koʼra “Vazirlik markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga oylik ustamalar belgilash, mukofotlar va moddiy yordam berish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish bilan bogʼliq masalalarni koʼrib chiqish komissiyasi” taklifiga asosan Vazir buyrugʼiga muvofiq belgilanadi.
Shuningdek, tashkilotlar va hududiy boshqarmalar, oliy taʼlim muassasalari rahbar xodimlariga oylik ustamalar berish haqidagi ularning murojaatlari oʼrnatilgan tartibda koʼrib chiqiladi va belgilanadi.
- Ragʼbatlantirish turlari, ularni qoʼllanish tartibi jamoa shartnomasi, “Vazirlik markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga oylik ustamalar belgilash, mukofotlar va moddiy yordam berish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish xarajatlarini toʼlash tartibi toʼgʼrisidagi nizom” va boshqa ichki hujjatlarda belgilab qoʼyiladi.
- Xodimlar mehnat sohasida davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga tavsiya etilishi mumkin.
- Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun Vazir quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʼllashga haqli:
- a) hayfsan;
- b) oʼrtacha oylik ish haqining oʼttiz foizidan ortiq boʼlmagan miqdorda jarima, ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʼrtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq boʼlmagan miqdorda jarima solish hollari ham nazarda tutilishi mumkin;
- v) mehnat shartnomasini bekor qilish.
- Intizomiy jazo qoʼllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojoʼya xatti-harakati uchun jazo qoʼllashga toʼsiq boʼla olmaydi.
- Odob-axloq qoidalari, korruptsiyaga qarshi siyosat yoki komplaens nazorat tizimi talablarini buzgan xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda jazo choralari qoʼllaniladi.
- Mazkur Nizomga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish Vazirning buyrugʼi bilan amalga oshiriladi.
- Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan munosabatlar mehnat qonunchiligi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Ushbu Nizom talablariga rioya qilmagan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jazo choralari qoʼllaniladi.