



2025-yil 2–3-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi doirasida Buxoro viloyatidagi bir qator texnikumlar Xitoy Xalq Respublikasining oliy ta’lim muassasalari va kollej rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Forumda Buxoro viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Azamat Naimov hamda texnikum rahbarlari ishtirok etib bir qator kelishuvlarga erishildi.
Jumladan:
📍 Afshona Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi direktori F. Boltaev Xitoyning Gansu tibbiyot kolleji direktori Mu Xing bilan uchrashuvda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, talaba almashinuvi hamda kasbiy ta’lim standartlarini o‘zaro tan olish masalalarida kelishuvga erishdi.
⚙️ Buxoro energetika, neft va gaz sanoati texnikumi esa Xitoyning Karamay texnika kasb-hunar kolleji bilan neft-gaz ishlab chiqarish va energetika yo‘nalishida mutaxassislar malakasini oshirish va sertifikatlash bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishlab chiqish, shuningdek, ikki xalq madaniyatiga bag‘ishlangan seminar va ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazish bo‘yicha memorandum imzoladi.
🌾 Shuningdek, Jondor agrotexnologiyalar texnikumi, Kogon shahar texnikumi, Vobkent tuman 2-son texnikumi hamda Qorovulbozor tuman texnikumi vakillari “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Xitoy–O‘zbekiston ustaxonasini tashkil etish bo‘yicha Alyans kotibi Hugo Fu bilan muzokaralar o‘tkazishdi.
🔹 Ushbu forum Buxoro viloyati kasbiy ta’lim muassasalari uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish hamda yoshlar uchun yangi o‘quv va amaliyot imkoniyatlarini yaratishda muhim qadam bo‘ldi.




