




Bugun Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga “Boshqirdiston Respublikasi ilmiy-ta’lim markazi boshqaruv kompaniyasi” avtonom notijorat tashkilotining xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Marsel Asfandiyarov tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Adilov, Buxoro viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig’i Azamat Naimov, institut rektori Sadoqat Siddiqova hamda Marsel Asfandiyarov ishtirokida muzokara o’tkazildi.
Muzokara davomida Buxoro muhandislik-texnologiya institutida ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish va qisqa muddatli stajirovkalarni tashkil etish bo’yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti negizida “Boshqirdiston Respublikasi Yevroosiyo ilmiy-taʼlim markazi” vakolatxonasini ochish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi.