
Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Olot tumani politexnikumida tasvirga olingan “Ta’lim tizimida yana muammolar…” sarlavhali videolavha yuzasidan Olot tumani politexnikumi ma’muriyati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Avvalo, ushbu masala bo‘yicha o‘z fikr va munosabatlarini bildirgan fuqarolarga befarq bo‘lmaganliklari uchun minnatdorlik bildiramiz. Bildirilgan e’tiroz va savollar holatni yanada batafsil tushuntirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Olot tumani politexnikumining “Avtomobil shossesiga texnik xizmat ko‘rsatish” mutaxassisligini tamomlagan ayrim bitiruvchilar “BC” toifali avtomobil haydovchilik guvohnomasini olish masalasida murojaat qilgan. Ushbu murojaatlar har bir bitiruvchi bilan individual tarzda ko‘rib chiqilib, amaldagi tartib-qoidalar asosida tushuntirishlar berilgan.
Ayni paytda bitiruvchilarning “BC” toifali haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtira olmasliklari politexnikumning moddiy-texnik bazasi va o‘quv-mashq avtotransport vositalari amaldagi me’yoriy talablarga to‘liq moslashtirilmaganligi bilan bog‘liq. Mazkur talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarori bilan belgilangan.
Shu sababli, 2025-yil 13-mart kuni haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv guruhlarini ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan taqdim etilgan ariza vakolatli organ tomonidan vaqtincha rad etilgan. Bu holat hech bir bitiruvchining huquqlarini cheklashni emas, balki jarayonlarni qonuniy va xavfsiz tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Bugungi kunda ushbu masalani ijobiy hal etish maqsadida politexnikumni qayta litsenziyalash bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Moddiy-texnik baza yangilanmoqda, mavjud o‘quv-mashq avtotransport vositalari belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda.
Mazkur ishlar 2026-yil boshiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan so‘ng bitiruvchilar amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda haydovchilik guvohnomasini olish uchun zarur bo‘lgan o‘qiganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Olot tumani politexnikumi ma’muriyati bitiruvchilarning murojaatlari va tashvishlarini to‘liq tushungan holda, ushbu masala ijobiy yechim topishi uchun zarur barcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qiladi.




